O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov Koreya Respublikasining Seul va Pusan shaharlarida bo‘lib o‘tgan Koreya San’at kengashining “Osiyodan Osiyoga” nomli global Janub tashabbusi dasturida ishtirok etdi.

Ushbu anjuman Osiyoda professional muloqot va madaniy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Hindiston, Pokiston, Tailand va O‘zbekiston madaniyat muassasalari vakillarini birlashtirdi. Jamoatchilik forumi doirasida Jamg‘armaning O‘zbekistonning madaniy kun tartibini xalqaro maydonda ilgari surishga doir faoliyati, mintaqada uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlari taqdim etildi.

Dastur kelgusi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochuvchi Koreya Respublikasining yetakchi madaniyat muassasalari namoyandalari bilan uchrashuvlardan ham iborat bo‘ldi.