YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va YUNESKO Jahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Poi Kalon” majmuasini restavratsiya qilish va Buxoro shahrining Shahriston hududida ochiq osmon ostidagi arxeologiya muzeyini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Shu jumladan, ushbu loyihalarni ishlab chiqish doirasida YUNESKOning O‘zbekistondagi ekspert missiyalarining Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyi va Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyini saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash uchun ularning holati o‘rganilgan baholash natijalari ko‘rib chiqildi. 

Alohida e’tibor O‘zbekiston madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining kelgusidagi faoliyatiga qaratildi.