Parijda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova yaqinda Luvr muzeyiga prezident-direktor etib tayinlangan Kristof Leribo bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Gayane Umerova uni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar muzey sohasi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma ko‘rgazma loyihalarini kengaytirish, professional almashinuvni yo‘lga qo‘yish va institutsional hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, xalqaro madaniy muloqotni kuchaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, ularning xalqaro madaniy hamkorlik rivojiga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.