“Zamin muhabbati va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani Faberje muzeyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rossiya va xalqaro yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot sektori mudiri Boburmirzo Sayomov, “Vaqtlar bog‘liqligi” madaniy-tarixiy jamg‘armasi va Faberje muzeyi prezidenti Vladimir Voronchenko hamda ko‘rgazma kuratori Yelena Nesterova qatnashdi.

Matbuot anjumani doirasida O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi kolleksiyasidagi asarlarning restavratsiya natijalari taqdim etildi. Sakkizta asar rossiyalik mutaxassislar tomonidan restavratsiya qilinib, ko‘rgazma loyihasi doirasida ilk bor O‘zbekiston tashqarisida xalqaro auditoriyaga namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari loyiha xalqaro muzey hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash hamda muzey kolleksiyalarini yirik xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishga tayyorlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.