Toshkent modernizmining YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ushbu nominatsiyani tayyorlash va targ‘ib etish bo‘yicha olib borgan izchil sa’y-harakatlarining mahsuli bo‘ldi.

2024-yilda YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki ro‘yxatiga Toshkent modernizmining 16 ta savlatli binosi: “Marvarid” turar-joy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, “Xalqlar do‘stligi” saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston kino san’ati saroyi (sobiq “Panorama” kinoteatri), “Eski Juva” bozori, Chorsu, “Kosmonavtlar” metro bekati, “Quyosh” geliokompleksi, “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Aviasozlar madaniyat saroyi, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, Fransiya madaniyat markazi va Milliy restavratsiya markazi (sobiq “Inturist” madaniy-axborot markazi), “Moviy gumbazlar” kafesi hamda Toshkent teleminorasi kiritilgan edi.

Nominatsiya hujjatlarini tayyorlash natijalariga ko‘ra, Butunjahon merosi obyektining yakuniy tarkibiga YUNESKOning asllilik va yaxlitlilik mezonlariga eng yuksak darajada javob beruvchi, shuningdek, Toshkent modernizmining hashamatli umumbashariy qiymatini o‘zida eng to‘liq aks ettirgan 10 ta maskan kiritildi.

Kelgusida YUNESKO talablariga javob beradigan va o‘rnatilgan tartib-taomillardan o‘tgan Toshkent modernizmining boshqa inshootlari ham Butunjahon merosi obyekti tarkibiga kiritilishi mumkin.