O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan muttasil ishlar doirasida Jamg‘arma dunyoning yetakchi muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda.

21-oktabr kuni Parijda Gayane Umerovaning Pompidu markazi prezidenti Loran Le Bon bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Pompidu markazi XX va XXI asrlarga oid eng yirik san’at kolleksiyalaridan biriga ega bo‘lgan zamonaviy san’at sohasida dunyodagi yetakchi muassasalardan biridir.

Uchrashuv yakunida tomonlar Jamg‘arma va Pompidu markazi o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Hamkorlik doirasida Pompidu markazida O‘zbekiston san’ati va madaniyatini xalqaro jamoatchilik eʼtiboriga havola etadigan ko‘rgazma o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.