Milan dizayn haftaligi doirasida O‘zbekistonning “O‘rik gullaganda” nomli birinchi milliy pavilionida “AD Italia” bilan hamkorlikda nonushtaga mezbonlik qilindi. Ko‘rgazma Orolbo‘yi mintaqasining madaniy merosi, hunarmandchilik amaliyotlari va barqarorligiga bag‘ishlandi.
Nonushta davomida mehmonlar, dizaynerlar, hunarmandlar va san’at arboblari o‘rtasida jonli muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning an’anaviy hunarmandchiligi bugungi kunda Milan shahrining markazida yangicha ohang kasb etmoqda.
Dasturxonga tortilgan an’anaviy o‘zbek patir va kulcha nonlari, turshak-pashmak, durkun o‘rik va dovuchcha kabi o‘zgacha ta’m va qiyofalar ko‘rgazma tadbirlariga ulanib ketdi.