Sankt-Peterburgdagi Faberje muzeyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi hamda “Peterburg mavsumlari” festivali madaniy dasturi doirasida tashkil etilgan “Zamin muhabbati va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Loyiha rassom Vladimir Makovskiyning 180 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘rgazma 2026-yil 13-sentabrgacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Ekspozitsiyada 25 dan ortiq muzey kolleksiyalaridan jamlangan qariyb 170 ta asar namoyish etilmoqda. Ular orasida Rossiyaning yetakchi muzeylari to‘plamlariga mansub noyob asarlar ham o‘rin olgan. Ko‘rgazma mamlakatning eng yirik muzey kolleksiyalaridan olingan Vladimir va Konstantin Makovskiy ijodiga mansub asarlarni bir maydonda jamlagani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston ham munosib ishtirok etmoqda. O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan tanlab olingan to‘qqizta asar ekspozitsiyadan joy olgan. O‘zbekiston muzey eksponatlarining ushbu loyihadagi ishtiroki xalqaro muzeylararo hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimiz boy madaniy merosining nufuzli xalqaro ko‘rgazma tashabbuslaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.