Vashington shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning Smitson instituti kotibi Lonni G. Banch III bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Smitson instituti o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda institutsional muloqotni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazma tashabbuslarini amalga oshirish, zamonaviy san’at sohasidagi loyihalarni rivojlantirish, ilmiy dasturlar va tadqiqotlarni kengaytirish, jumladan muzey kolleksiyalari bilan ishlash va arxeologiya yo‘nalishidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikka kelishib oldilar. Shuningdek, akademik va professional almashinuvni yo‘lga qo‘yish, yoshlarni jalb etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.