21-oktabr kuni O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopovning Versal va Trianon saroylari milliy muzeyi direktori Loran Salome bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar madaniy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xususan, qo‘shma ko‘rgazma loyihalarini tashkil etish va muzey sohasida kasbiy almashinuvni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Toshkentda barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyida Napoleon davriga bag‘ishlangan, Versal sara to‘plamlariga mansub san’at asarlari, amaliy bezak san’ati buyumlari va arxiv materiallarini o‘z ichiga olgan ko‘rgazmani o‘tkazish, shuningdek, Versalda O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosi hamda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.