Mikelanjelo jamg‘armasining “Yosh Elchilar” dasturiga tanlov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari Diyorbek Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva Venetsiyada bo‘lib o‘tadigan “Homo Faber 2026” ko‘rgazmasida vositachilar sifatida xizmat qilishadi.
Diyorbek Abdullayev – Toshkent arxitektura va qurilish instituti bitiruvchisi, me’mor va rassom. Sabina Jo‘rayeva esa Toshkent shahridagi Puchon universitetining Arxitektura fakultetini tamomlagan va “Chronos.Arc” studiyasi asoschisi.
Yosh mutaxassislar Italiyada bir yarim oy bo‘lib, san’at, hunarmandchilik va madaniy almashinuvga bag‘ishlangan dasturda ishtirok etadilar. Tayyorgarlik doirasida mediatorlar onlayn trening va vebinarlarni o‘tab, bo‘lajak ekspozitsiya mazmunini o‘rganadilar.
Tanlov jarayoni onlayn tarzda o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ushbu dastur haqidagi ma’lumotlarni ommalashtirish va arizalarni ishtirokchilarning yakuniy saralashini amalga oshirgan Mikelanjelo jamg‘armasiga yetkazishda ko‘maklashdi.